
Farg‘ona davlat texnika universiteti 2-son akademik litseyida joriy yilning 4-iyun kuni “Yoshlar kuni” munosabati bilan Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi Farg‘ona viloyati boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida o‘quvchi-yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbir davomida yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv xo‘jaligi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda sohada mavjud kasb va mutaxassisliklar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Uchrashuv jarayonida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, ulardan atroflicha javob oldilar. Samimiy ruhda o‘tgan tadbir yoshlarning ekologik bilimlarini oshirish, kasbiy yo‘nalish tanlashiga ko‘maklashish hamda kelajakdagi faoliyatiga motivatsiya berishga xizmat qildi.
Tadbir yakunida mehmonlar tomonidan faol o‘quvchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
