
2025-yil 3-sentyabr kuni Farg‘ona davlat texnika universiteti 2-son akademik litseyida 2025–2026 o‘quv yilining ilk darslari tantanali ruhda boshlandi. Mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbir “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida yuksak ko‘tarinkilik va vatanparvarlik ruhida o‘tkazildi. Ushbu shior mamlakatimizda Mustaqillik bayrami tadbirlarida keng qo‘llanilmoqda.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. So‘ngra litsey rahbariyati, ustozlar hamda faxriy mehmonlar tomonidan o‘quvchilar yangi o‘quv yili bilan samimiy tabriklandi. O‘z chiqishlarida ular yoshlarga zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallash, yurt ravnaqi yo‘lida munosib hissa qo‘shish, Vatanga sadoqat va xalq manfaatlariga xizmat qilish har bir yoshning muqaddas burchi ekanini ta’kidladilar.
Tadbir davomida o‘quvchilarda milliy qadriyatlar, vatanparvarlik, fidoyilik va yuksak ma’naviyat tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan badiiy chiqishlar namoyish etildi. Yangi o‘quv yilining ilk kuni ko‘tarinki kayfiyat, ezgu tilaklar va ulkan maqsadlar bilan boshlandi. O‘quvchilar zamonaviy bilimlarni egallab, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida munosib kadr bo‘lib yetishishga qat’iy bel bog‘ladilar.
Mazkur tadbir barcha ishtirokchilarda Vatanga muhabbat, ilmga intilish va kelajakka ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlab, 2025–2026 o‘quv yiliga munosib start berdi.
