
30-oktabr kuni Farg‘ona davlat texnika universiteti 2-son akademik litseyining o‘quvchi-yoshlari hamda ustozlari Marg‘ilon shahrida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro kitobxonlik festivalida ishtirok etdilar.
Mazkur festival kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarning badiiy adabiyotga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning ma’naviy dunyoqarashi va intellektual salohiyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Festival davomida ishtirokchilar kitob olami, zamonaviy adabiyot namunalari, ijodkorlarning asarlari hamda mutolaa madaniyatiga oid qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishdilar. O‘quvchilar adabiyotning inson hayotidagi o‘rni, bilim olish va shaxsiy rivojlanishdagi ahamiyati haqida yangi taassurotlarga ega bo‘ldilar.
Ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘quvchi-yoshlarning kitobga bo‘lgan mehrini yanada oshirish, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga xizmat qildi.
Akademik litseyimizda yoshlarning kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, ularni ilm-fan va adabiyotga keng jalb etish hamda ma’naviy kamolotini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Kitob — tafakkur qanoti, ma’rifat chirog‘i!
