
2026-yil 12-noyabr kuni Farg‘ona davlat texnika universiteti 2-son akademik litseyida Farg‘ona viloyati Temurbeklar harbiy akademik litseyi hamda Farg‘ona davlat texnika universiteti 2-son akademik litseyi terma jamoalari o‘rtasida voleybol sport turi bo‘yicha do‘stlik uchrashuvi tashkil etildi.
Mazkur sport musobaqasi o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish, sportga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish hamda ta’lim muassasalari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvda har ikki jamoa o‘zlarining sport mahorati, chaqqonligi, matonati va jamoaviy hamjihatligini namoyon etdi.
Uchrashuv yakunida akademik litseyimiz terma jamoasi 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, munosib natijaga erishdi.
Ushbu g‘alaba o‘quvchilarimizning sportga bo‘lgan qiziqishi, muntazam mashg‘ulotlari va jamoaviy birdamligining yorqin ifodasi bo‘ldi.
G‘olib jamoamizni samimiy muborakbod etib, ularga kelgusidagi sport musobaqalarida ham ulkan zafarlar va yangi yutuqlar tilaymiz!
Sport — do‘stlik va hamjihatlik timsoli, g‘alaba esa birdamlik samarasidir!
