
Farg‘ona davlat texnika universiteti 2-son akademik litseyida iqtidorli, bilimli, faol va tashabbuskor o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ta’lim, ilm-fan va jamoat ishlaridagi yutuqlarini munosib rag‘batlantirish maqsadida joriy etilgan “Rektor stipendiyasi” uchun nomzodlarni o‘rganish jarayoni olib borilmoqda.
Mazkur jarayon doirasida stipendiyaga talabgor o‘quvchilar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar yig‘majildlari akademik litsey komissiyasi tomonidan atroflicha ko‘rib chiqildi.
Hujjatlarni o‘rganish davomida nomzodlarning o‘quv faoliyatidagi natijalari, fan olimpiadalari, turli tanlov va musobaqalardagi yutuqlari, shuningdek, ijtimoiy faolligi hamda tashabbuskorligiga alohida e’tibor qaratildi.
“Rektor stipendiyasi” iqtidorli yoshlarning bilim olishga bo‘lgan intilishini kuchaytirish, ularning salohiyatini yuzaga chiqarish va yangi marralarni zabt etishga rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Akademik litseyda bunday rag‘batlantirish tizimining yo‘lga qo‘yilishi o‘quvchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda ilm-fan va ijodkorlikka bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
